| 4 yil avvalgi "Roma" |
[Oct. 24th, 2011|09:58 pm] |
Arshavin aytganidek, "Manchester Siti"ning "Manchester Yunayted" ustidan erishgan g‘alabasi yoritilishi bo‘yicha Kaddafiyning o‘limi voqeasini ham ortda qoldiradi, aniqrog‘i, qoldirmoqda. Bugun o‘zini "Manchester Yunayted"ning eng sodiq muxlisi", deya hisoblagan har bir kishi "1:6ga yutqazadimi, undan kattasiga yutqazadimi, bizga baribir" deb, odatda "Liverpul" ishqibozlari aytadigan qo‘shiqlarni kuylashmoqda.
"Yunayted"ga qarshilar gapirib oladigan vaqt keldi. Xuddi shunday kun hali "Barselona"ning boshiga ham tushadi (lekin menda u bilan bog‘liq birorta xotira yo‘q, umuman, bu jamoa o‘yini vaqti-vaqti bilan hayratlantirib tursa-da, uncha simpatiya bo‘lmagan hech qachon). Bekordan-bekorga negativ fikr kelib chiqmaydi, bekordan-bekorga negativ fikr aytilmaydi. Bu dunyoda oddiy bir toshning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib qolishi ham qandaydir sababga asoslanadi. Negativ fikrlarning ko‘pligiga yoki bugun balandroq aytilayotganiga ko‘p jihatdan siz suygan jamoa emas, sizning o‘zingiz sababchisiz. Kamida.
Men "Manchester Yunayted"ning ustidan kulmoqchi emasman. Kecha "Yunayted" ishqibozlari tushgan holatni men yanvarda boshdan kechirganman. O‘shanda Avstraliya degan terma jamoa 3:0 hisobida g’alaba qozonsa ham Osiyo Kubogi finaliga yo‘l olgan bo‘lardi, yo‘q, ular to‘xtamadi - urdi, urdi, urdi. To‘g‘ri qildi - raqib qo‘yib berganidan urmay nima qilsin? Menga alam qilgandi rosti, "To‘xtatsa ham bo‘lardi", endi degandim. Bunday o‘ylab qarasa, o‘sha tinmasdan gol urayotgan jamoa ham shu haqda o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi-ku: "Bo‘ldi, yutqazdi, tan olib turibdi, nima keragi bor yana xo‘rlab?". Lekin bu boshqacharoq holat.
Yanvardagi holat men uchun birinchisi emas. 2007-yil bahorining ikkinchi oyida "Roma" "Manchester Yunayted"ni chorak finalda qoldirib ketadi", deb yurganimda ko‘pchilik, ayniqsa "Manchester Yunayted" muxlislari istehzoli kulishganini eslayman. 4-apreldagi birinchi uchrashuvdan keyin istehzoli kulishlar biroz xavotir bilan almashgani ham yodimda. Lekin atigi birinchi uchrashuv o‘tgan, hali hech kim hech narsa yo‘qotib ulgurmagandi. "Manchester Yunayted" 3:0 hisobida ham, 2:0 hisobida ham, hatto, 1:0 hisobida ham g‘alaba qozonsa ham yarim finalga chiqqan bo‘lardi. Men eslayman, men juda yaxshi eslayman. Hisob 5:0 bo‘lgan vaqtda ham: "Hozir "Roma" hech bo‘lmasa 4 ta gol urib tashlaydi", deb ishonib o‘tirganman. Pardon, ishqibozchilik, haddan tashqari ishqibozchilik.
Kecha, "Arsenal"ni ayovsiz savalagan, endi "Barselona"ga qarshi tura olishi taxmin qilingan "Manchester Yunayted" o‘z hamshahariga qarshi hech nima qila olgani yo‘q. Yo‘q, men buni mamnuniyat bilan aytayotganim yo‘q, men buni taqqoslash uchun keltiryapman: 2007-yili "Roma" ham xuddi shu "Old Trafford" nima qilarini bilmay qolgandi. Kerrikning bir kutilmagan zarbasidan keyin buzilgan o‘yinni na Spalettining o‘zgartirishlari, no Tottining xarizmasi, xullas, hech nima qutqarib qololmagandi. Kecha ham xuddi shunday bo‘ldi. Ismlarni keltirib o‘tirmayman.
"Manchester Yunayted" men eng yoqtirgan jamoalardan biri edi. Men Ole-Gunnar Solskyayerning Norvegiya terma jamoasidagi birorta o‘yinini ko‘rmaganman, ammo bir safar qizil futbolkam orqasiga 20 raqamini tushirganim esimda. Baxtga qarshi, 2007-yilning 10-aprelidan e’tiboran "Manchester Yunayted"ga nisbatan simpatiyam antipatiyaga aylangan. "Manchester Yunayted"ning kuchli ekanligini tan olganim holda, kuchli bo‘lgani uchun emas, mening jamoamni shunchalik darajaga tushirgani uchun unga nisbatan teskari bo‘lib qolganman. Shu, xolos.
Buyuk g‘alabalar bor. Misol uchun, "Bavariya" ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi, 1999-yilgi g‘alaba tengi yo‘q muvaffaqiyat. "Manchester Siti"ning kechagi 6:1i, yoki "Yunayted"ning 4 yil avvalgi 7:1i, yoki bo‘lmasam xuddi o‘sha o‘yindan keyin "Roma" "Inter" ustidan erishgan 6:2 hisobidagi g‘alabalari - oddiy g‘alabalar . 1:0 yoki 2:0 hisobida g‘alaba qozonsa ham bo‘lardi, lekin nima uchundir o‘sha to‘xtashmagan; oldinga o‘tishgan, gol urishgan, urishgan va yana uraverishgan. (To‘g‘risi, futbolda mana shunday tennischa yoki xokkeycha hisoblarning qayd etilishi menga yoqmaydi).
Men: "Roma" keyingi bosqichga chiqadi", deb qo‘yganim uchun ancha vaqtgacha kulgu bo‘lib yurganman. Umuman, hozirgi kunda ham o‘sha gaplar ta’siri bilan istehzo aralash kulib qo‘yishlar bor. Nima ham qilardim: menga "Roma" yoqadi, sizga, misol uchun "Manchester Yunayted" yoqqanidek; yig‘lab bermayman-ku. :) Bir yaxshi odam: "Birovning ustidan qaror chiqarayotganingda uning o‘rniga avval o‘zingni qo‘yib ko‘r", degandi. Menda faqat bir narsadan qoniqish hissi bor: "Hozirgi vaziyatda men seni yaxshi tushunib turibman" degan odam, agar o‘sha vaziyatga o‘zi hech qachon tushmagan bo‘lsa, sizni hech qachon yaxshi tushunib tura olmaydi ("Tabib tabib emas, boshiga tushgan tabib"). Men ayni daqiqalarda "Manchester Yunayted" muxlislarini yaxshi tushunib turibman. Bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi. Sizga kerak emasligini ham bilaman, lekin hamdardman.
Derbi vaqtida "Siti" xotirjamlikka berilib, "Yunayted" bitta gol urganidan keyib biroz achchig‘im chiqdi, rosti. "Nega bo‘shashadi, imkoniyat bo‘lib turganida yana urmaydimi?", dedim. 80 yilda bir marta bo‘lsa ham "boshiga tushgan tabib" bo‘lgan yaxshiroq. Hayot abadiy g‘alabalar va ko‘ngilli natijalardan iborat emas, vaqti-vaqti bilan shunday mag‘lubiyatlarning bo‘lishi hammasini maromga solib turadi.
P.S. Yozganlarimdan menda mamnuniyat, xursandchilik hissini ko‘rsangiz, men bunga qarshi hech narsa aytolmayman ham, keltira olmayman ham. Men tan olib bo‘ldim: menda ma’lum qoniqish hissi bor. Bu siz o‘ylagan narsa emas, albatta. Lekin men sizning noto‘g‘ri fikrlaringizni o‘zgartirish uchun vaqt ketkazmoqchi emasman. Tushunadigan odam uchun shu birgina gapning o‘zi ham tushunarli, aslida... |
|
|